Bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekiston–AQSh Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu mexanizm ishga tushirilishi ikki davlat munosabatlarini izchil rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Mamlakatlarimiz Rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilg‘or texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashdik. Ta’lim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratdik, -dedi B.Saidov.
O‘lkamiz tashqi siyosati idorasi rahbari fikricha, mazkur muloqot o‘zaro ishonchni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni ilgari surish va strategik sheriklik doirasida yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirishga mustahkam asos yaratadi.






