O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari South Seattle College prezidenti doktor Monica Brown, dekan Ferdinand Orbino va dastur direktori Joydeep Hazra bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida har yili 10 mingdan ortiq talabaga ta’lim beradigan South Seattle College’ning amaliy va mehnat bozori talablariga yo‘naltirilgan ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribasini O‘zbekiston ta’lim muassasalari bilan almashish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma o‘quv va kasbiy tayyorlash dasturlarini tashkil etish, amaliy tadqiqot va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, ilg‘or ishlab chiqarish, aviatsiya, elektromobillar va yangi texnologiyalar kabi istiqbolli yo‘nalishlarda O‘zbekiston ta’lim muassasalari bilan qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar yoshlarni kelajak iqtisodiyoti talablariga mos zamonaviy kasbiy ko‘nikmalar bilan ta’minlash, bilimlarni innovatsiyalar va yangi imkoniyatlarga aylantirish hamda ularning istiqbolli kasblarni egallashiga ko‘maklashish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida South Seattle College va O‘zbekiston ta’lim muassasalari o‘rtasida amaliy hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga kelishib olindi.






