6-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsuli Ahror Burhonov Oracle Corporation kompaniyasining generativ sun’iy intellekt xizmatlari bo‘yicha vitse-prezidenti Jun Qian bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan raqamli va innovatsion ekotizimi, generativ sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, katta hajmdagi ma’lumotlarni boshqarish, raqamli ta’lim, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy texnologik infratuzilmani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarining raqamlashtirilishi natijasida xavfsiz bulutli infratuzilma, ilg‘or ma’lumotlar bazalari va sun’iy intellekt yechimlariga bo‘lgan talab ortib borayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yosh va iste’dodli aholi salohiyati hamda O‘zbekistonni sun’iy intellekt va raqamli innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi markazlardan biriga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalarni joriy etish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, universitetlar bilan ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli texnologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish, yangi hamkorlik imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish va O‘zbekistonning “Oracle” bilan aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib oldilar.






