O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari Korn Ferry kompaniyasining vakillari Suellen Tomlinson, Mitul Modi va Liz Bickley bilan samarali uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqot davomida O‘zbekistondagi malakali hamshiralarni AQSh tibbiyot muassasalarida ishlashga tayyorlash, ularning kasbiy malakasini tasdiqlash va salohiyatli ish beruvchilar bilan bog‘lash bo‘yicha tizimli mexanizm yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Mazkur jarayonda yuqori kasbiy standartlarga rioya etish, nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini AQSh talablari asosida rivojlantirish, etik yollash tamoyillarini ta’minlash hamda xodimlarning mehnat huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Korn Ferry vakillari ushbu tashabbusga katta qiziqish bildirdilar. Tomonlar:
-
- AQSh sog‘liqni saqlash muassasalarining aniq ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganish;
- nomzodlar uchun kasbiy malaka, til bilish va tayyorgarlik talablarini belgilash;
- o‘qitish va sertifikatlash mexanizmlarini ko‘rib chiqish;
- dastlabki pilot dasturni ishga tushirish imkoniyatini baholash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Pilot dastur muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, uni bosqichma-bosqich kengaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqiladi.
Mazkur istiqbolli hamkorlik o‘zbekistonlik hamshiralar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratishi bilan birga, AQSh sog‘liqni saqlash tizimidagi malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga ko‘maklashishi mumkin.






