Joriy yilning 17-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasining Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi binosida O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha Jahon chempionati doirasidagi tarixiy uchrashuvini birgalikda tomosha qilish munosabati bilan keng qamrovli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Vashington shtatida istiqomat qilayotgan 150 nafarga yaqin vatandosh, mahalliy hokimiyat va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdilar.
Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Turkiya diasporalari hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari tadbirda qatnashib, O‘zbekiston xalqining futbol sohasidagi tarixiy natijasiga hurmat va ehtirom ramzi sifatida o‘z tabriklari va ezgu tilaklarini bildirdilar.
Ularning ishtiroki mintaqaviy hamjihatlik, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tadbir avvalida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirish, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ular bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish Bosh konsulxona faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Mazkur tadbir nafaqat futbol uchrashuvini birgalikda tomosha qilish, balki xorijdagi yurtdoshlarni yagona maqsad va ona Vatan atrofida yanada jipslashtirishga xizmat qiluvchi muhim platforma ekani qayd etildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash ruhida o‘tgan tadbir vatandoshlar o‘rtasidagi birdamlikni mustahkamlash, milliy g‘urur tuyg‘usini yuksaltirish va turli xalqlar vakillari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi.









