O‘zbekiston delegatsiyasining Sietl shahriga tashrifi sermazmun uchrashuvlar, samarali muzokaralar va muhim muloqotlarga boy bo‘ldi.
Tashrif davomida Vashington shtati davlat kotibi Steve Hobbs, Sietl shahri merining o‘rinbosari Brian Surratt, Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi (CEREAS) rahbariyati hamda akademik doiralar vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, Greater Seattle Partners, davlat idoralari, biznes hamjamiyati va iqtisodiy rivojlanish sohasi yetakchilari bilan istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarda O‘zbekiston va AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududi o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, aerokosmik sanoat, ilg‘or ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va madaniyat istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Akademik hamkorlik va ekspertlar muloqotini kengaytirish, shuningdek, Markaziy Osiyoning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi o‘rni va ahamiyati yuzasidan fikr almashish tashrifning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Delegatsiya Vashington universitetida Markaziy Osiyoni o‘rganishga qaratilgan dasturlar va o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha tashabbuslar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida Sietl shahrida yaqinda faoliyat boshlagan O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur diplomatik vakolatxona O‘zbekiston va AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, biznes va institutsional aloqalarni rivojlantirish hamda xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tashrif yakunlari O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berish bilan birga, hududlararo va xalqlararo aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.












