O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari Koreya Respublikasining Sietldagi Bosh konsuli, tajribali va taniqli professional diplomat Eun-ji Seo bilan uchrashdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi mustahkam va uzoq muddatli strategik sheriklik munosabatlari muhokama qilindi. Mazkur munosabatlar ko‘plab sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning muvaffaqiyatli namunasi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Tomonlar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlikni AQSh hududida yanada rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar. Xususan, axborot texnologiyalari, innovatsiyalar, ilg‘or ishlab chiqarish, sun’iy intellekt va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
AQSh bozorida o‘zbek va koreys kompaniyalari ishtiroki tobora kengayib borayotgani qayd etilib, bu jarayon ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
Tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish, biznes vakillari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda O‘zbekiston–Koreya strategik sherikligining salohiyatidan AQShda samarali foydalanishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






