O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari PNRI Genetics vakili Erick Rabins bilan uchrashdilar.
Muloqot davomida ilmiy g‘oya va tadqiqotlarni muvaffaqiyatli biznes loyihalariga aylantirish, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda O‘zbekistonni Vashington shtati va boshqa hududlardagi ilg‘or kompaniyalar va investorlar bilan bog‘lash imkoniyatlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichi qayta tiklanuvchi energiya, biotexnologiya, zamonaviy qishloq xo‘jaligi va innovatsiyalar sohalarida keng imkoniyatlar yaratib berayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar olimlar, tadbirkorlar, startaplar va investorlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni bozorga olib chiqish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni shakllantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, toza energiya texnologiyalari, genetika va biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va innovatsion ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlik salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vashington shtatining ilmiy, innovatsion va investitsiyaviy hamjamiyatlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish hamda istiqbolli tashabbuslarni amaliy loyihalarga aylantirishga qiziqish bildirildi.






