O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari Pier 70 Ventures kompaniyasining boshqaruvchi hamkori Miller Adams bilan uchrashdilar.
Muloqot davomida O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan startap ekotizimini AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududidagi ilg‘or innovatsiya, venchur kapital va texnologik tarmoqlar bilan bog‘lash imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar sog‘liqni saqlash texnologiyalari, mobil va transport yechimlari, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari — AgTech hamda ekologik toza texnologiyalar — CleanTech yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekistondagi istiqbolli startaplarni xalqaro investorlar bilan bog‘lash, innovatsion loyihalarga kapital va ekspert bilimlarini jalb qilish hamda ularning AQSh bozoriga chiqishiga ko‘maklashish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik uchun salohiyatli startaplar va investitsiya loyihalarini birgalikda aniqlash hamda ular yuzasidan muntazam muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Mazkur muloqotni O‘zbekiston va Vashington shtati o‘rtasidagi aniq amaliy sheriklik va investitsiya loyihalariga aylantirishga tayyorlik bildirildi.






