O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari Sietl shahar kengashi a’zosi Robert Kettle bilan uchrashdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Sietl shahri o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo, investitsiyalar, ta’lim, turizm, madaniy-gumanitar hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi almashinuvlarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Sietl ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlar yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida mahalliy hokimiyat organlarining xalqaro sheriklikni rivojlantirish, xorijiy biznes va jamoalar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro manfaatli tashabbuslarni ilgari surishdagi muhim o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Sietl o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, muntazam muloqotni davom ettirish va ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladigan amaliy hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






