Vashington shtatining Sietl shahri va uning atrofida istiqomat qilayotgan vatandoshlar tashabbusi bilan “O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasi tashkil etildi.
Mazkur birlashma Vashington shtati hukumati tomonidan belgilangan tartibda rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi. Vashington shtati davlat kotibi Steve Hobbs idorasi tomonidan ushbu tashabbusning huquqiy e’tirof etilishi Sietldagi o‘zbek jamoasi hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Bugungi kunda Vashington shtatida 3 ming nafardan ziyod o‘zbekistonlik istiqomat qiladi. Ularning katta qismi Sietl va uning atrofida joylashgan Microsoft, Amazon, Google, Boeing, Oracle va NVIDIA kabi dunyoning yetakchi texnologik hamda transmilliy kompaniyalarida faoliyat yuritmoqda.
Vatandoshlarimiz dasturiy ta’minot, sun’iy intellekt, muhandislik, aviatsiya, tibbiyot va tadbirkorlik kabi muhim sohalarda muvaffaqiyatli mehnat qilib, shtatning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
“O‘zbek mahallasi” jamoat birlashmasi raisi etib AQSh davlat boshqaruvi tizimida 15 yillik tajribaga ega, hozirda Vashington shtati Tuzatish ishlari departamentida rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgan hamyurtimiz Muso Xolmurodov tayinlandi.
Yangi jamoat birlashmasi quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni maqsad qilgan:
-
- Vashington shtatida istiqomat qilayotgan vatandoshlarni birlashtirish;
- milliy bayramlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
- AQShga yangi kelgan O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish;
- yosh avlod orasida o‘zbek tili, milliy madaniyat va an’analarni targ‘ib qilish;
- vatandoshlar o‘rtasida o‘zaro yordam va hamjihatlik muhitini mustahkamlash.
“O‘zbek mahallasi”ning tashkil etilishi Vashington shtatidagi o‘zbek jamoasining institutsional rivojlanishi, vatandoshlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi hamda milliy qadriyatlarimizning kelgusi avlodlarga yetkazilishiga xizmat qiladigan muhim qadam bo‘ldi.






