AQShning Sietl shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur diplomatik vakolatxona Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasida O‘zbekistonning birinchi konsullik muassasasi bo‘lib, uning faoliyat boshlashi O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Yangi Bosh konsulxona O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlarida yangi sherikliklarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, hududlar va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Bosh konsulxona o‘z konsullik okrugida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga konsullik xizmatlarini ko‘rsatish hamda vatandoshlar bilan tizimli aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.
Bosh konsulxonaning Sietlda faoliyat boshlashi O‘zbekistonning AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.






