O‘zbekiston Respublikasining Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari RIC Enterprises kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori doktor Mithra Sankrithi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda iqtisodiy jihatdan samarali va ekologik toza energiya texnologiyalarini joriy etish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, quyosh, shamol va gidrokinetik energiya yo‘nalishlaridagi innovatsion yechimlar hamda ularni mamlakatimizda amaliyotga tatbiq etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar ushbu texnologiyalarni amaliy qo‘llash bosqichiga olib chiqish maqsadida ilmiy tadqiqotlar, ishlanmalar va namoyish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonda zamonaviy toza energiya yechimlarini rivojlantirish va istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga qiziqish bildirildi.






