O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari GeekWire vakili Holly Grambihler bilan uchrashib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar hamda mamlakat texnologiya sohasida shakllanayotgan yangi imkoniyatlarni muhokama qildilar.
Suhbat davomida O‘zbekistonning raqamli innovatsiyalar, startaplar ekotizimini rivojlantirish va IT xizmatlari eksportini oshirish borasida erishayotgan jadal taraqqiyoti haqida ma’lumot berildi.
Mamlakatda axborot texnologiyalari sohasi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, yosh tadbirkorlar va texnologik kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, shuningdek, xalqaro bozorga yo‘naltirilgan IT mahsulot va xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar alohida qayd etildi.
Tomonlar AQShning dunyo miqyosidagi yetakchi texnologik markazlaridan biri bo‘lgan Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududi ekotizimi bilan O‘zbekistonning tez rivojlanayotgan innovatsion iqtisodiyoti o‘rtasida mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish salohiyati yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, ikki hudud tadbirkorlari, investorlar, startaplar, innovatorlar va texnologik kompaniyalari o‘rtasida bevosita aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududining texnologik hamjamiyatlarini yanada yaqinlashtiradigan yangi sherikliklarni rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.






