AQShning Sietl shahrida mahalliy jamoatchilik va vatandoshlar ishtirokida “Omonatim” o‘zbek badiiy filmining premyerasi bo‘lib o‘tdi.
Film namoyishiga “Sietl–Toshkent birodar shaharlar uyushmasi” a’zolari, AQShda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, mahalliy jamoatchilik vakillari hamda O‘zbekiston madaniyati va kinosiga qiziquvchi mehmonlar tashrif buyurdilar.
“Omonatim” filmi o‘zbek xalqining oilaviy qadriyatlari, milliy urf-odatlari hamda oiladagi iliq va samimiy munosabatlarni ta’sirchan tarzda namoyon etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistonning tarixiy obidalari, betakror tabiati va milliy ruhi aks etgan sahnalar amerikalik mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida film rejissyori Abbos Abdullayev so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kino sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh ijodkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va milliy filmlarni xalqaro maydonga olib chiqish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, rejissyor “Omonatim” filmining yaratilish tarixi, ijodiy jarayoni va asarning asosiy g‘oyasi haqida so‘zlab berdi. Namoyishdan so‘ng film ijodkorlari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, tomoshabinlarning film mazmuni, qahramonlar obrazi va suratga olish jarayoni haqidagi savollariga javob berildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, milliy madaniyatni targ‘ib qilish va turli madaniy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida e’tirof etdilar.
Amerikalik tomoshabinlar film orqali O‘zbekiston madaniyati, tarixi va turizm salohiyati bilan yaqindan tanishganliklarini qayd etib, kelgusida mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdilar.
“Omonatim” filmining Sietldagi namoyishi o‘zbek kino san’atini AQSh jamoatchiligiga tanishtirish, milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish va xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilgan muhim madaniy tadbir bo‘ldi.








