Joriy yilning 11-aprel kuni Sietl shahrida O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi hamda “Sietl–Toshkent birodar shaharlar uyushmasi” hamkorligida Navro‘z bayrami keng ko‘lamda va yuqori saviyada nishonlandi.
Mazkur bayram tadbiri Sietl va Toshkent o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarining tarixiy ahamiyatini yana bir bor namoyon etib, turli millat vakillarini bir dasturxon atrofida jamladi. Tadbirda 300 nafardan ortiq ishtirokchi, jumladan O‘zbekiston fuqarolari, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Eron va Rossiya vakillari, shuningdek, AQSh rasmiylari, diplomatik korpus vakillari, jamoatchilik faollari hamda madaniyat ixlosmandlari qatnashdilar.
Tadbir doirasida Sietl–Toshkent birodar shaharlar hamkorligi 50 yildan ortiq tarixga ega ekani, ikki shahar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari madaniy, ta’lim va ilmiy sohalarda izchil rivojlanib kelayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbirning ochilish qismida “Sietl–Toshkent birodar shaharlar uyushmasi” faollari va faxriy mehmonlar yig‘ilganlarni Navro‘z bayrami bilan samimiy tabrikladilar. Shuningdek, AQShning g‘arbiy sohilida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining ochilishi vatandoshlar uchun muhim qadam ekani qayd etildi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbek, qirg‘iz va turkman xalqlariga xos qo‘shiq va raqslar, milliy liboslar namoyishi hamda interaktiv chiqishlar taqdim etildi.
Tadbir yakunida “Sietl–Toshkent birodar shaharlar uyushmasi”ning sobiq prezidenti Den Peterson so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsuliga tashkilot tarixi va faoliyatiga bag‘ishlangan kitobni tantanali ravishda sovg‘a qildi.
Den Peterson O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining ochilishini mamnuniyat bilan qabul qilganini ta’kidlab, ushbu qarorni strategik jihatdan to‘g‘ri qadam sifatida baholadi hamda Sietl va Toshkent o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik munosabatlarining kelgusida yanada rivojlanishiga ishonch bildirdi.
Navro‘z bayrami Sietlda xalqlar do‘stligi, madaniy yaqinlik va o‘zaro hamkorlik ramzi sifatida ko‘tarinki ruhda o‘tdi.









