O‘zbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsuli Ahror Burhonov “Foundation for International Understanding Through Students” (FIUTS) tashkiloti ijrochi direktori Aleks Radi bilan uchrashdi. Muloqotda yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qisqa muddatli ta’lim dasturlari va o‘zaro tanishuv safarlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
FIUTS xalqaro ta’lim va madaniy almashinuv dasturlarini amalga oshirib, xorijiy yoshlarning AQSh universitetlari, kompaniyalari va mahalliy hamjamiyatlari bilan aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari va universitet talabalari uchun alohida dasturlar ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. O‘quvchilar uchun AQShning Sietl va boshqa yetakchi shahrlariga tashrifini ishlab chiqish muhokama qilindi. Tashrif davomida kasb tanlash, yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish va amerikalik tengdoshlar bilan muloqotga, talabalar uchun esa texnologiyalar, muhandislik va tadbirkorlik sohalaridagi bilimlarni kengaytirishga e’tibor qaratish nazarda tutilmoqda.
Dasturlarga universitetlardagi mashg‘ulotlar, ilmiy laboratoriyalar bilan tanishuv, “Microsoft” va “Amazon” kabi yirik kompaniyalarga tashriflar hamda mutaxassislar bilan uchrashuvlarni kiritish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, AQSh Davlat departamenti qo‘llab-quvvatlaydigan almashinuv dasturlarida O‘zbekiston yoshlarining ishtirokini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida amerikalik yoshlarning O‘zbekistonga ta’lim va madaniy-ma’rifiy safarlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishish bilan birga, universitetlar va IT Parkka tashriflar, o‘zbekistonlik tengdoshlar bilan uchrashuvlarni tashkil etish taklif qilindi.
Aleks Radi mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Vashington universiteti va Bellevue kollejidagi hamkorlar bilan amerikalik talabalarni ushbu dasturga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar 2027-yil bahorida AQSh yoshlarining O‘zbekistonga, yozida esa o‘zbekistonlik yoshlarning Sietlga tashriflarini tashkil etish imkoniyatlarini ishlab chiqishga kelishdi. FIUTS ta’lim dasturlari loyihalarini tayyorlash va manfaatdor muassasalar bilan muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Bunday almashinuvlar yoshlarning bilim va dunyoqarashini kengaytirish, do‘stona aloqalar o‘rnatish hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, FIUTS (Foundation for International Understanding Through Students) 1948-yilda AQShning Sietl shahridagi Vashington universitetida tashkil etilgan notijorat tashkilot. Uning asosiy maqsadi talabalar almashinuvi, madaniyatlararo muloqot va jamoatchilik aloqalari orqali xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdan iborat. Tashkilot yoshlarning yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, fuqarolik faolligini oshirish hamda turli mamlakatlar vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik aloqalarini shakllantirishga ko‘maklashadi.





