O‘zbekiston Respublikasining Sietl shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari Seattle Public Library ijrochi direktori va bosh kutubxonachisi Tom Fay hamda institutsional va strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Rick Sheridan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Sietl o‘rtasida madaniy-ma’rifiy hamkorlikni rivojlantirish, o‘zbek adabiyoti va madaniyatini mahalliy kitobxonlarga kengroq tanishtirish masalalari muhokama qilindi.
Hamkorlikning dastlabki amaliy qadami sifatida Bosh konsulxona Seattle Public Library fondiga o‘zbek adabiyoti, tarixi va milliy madaniyatini aks ettiruvchi 10 ta kitobni sovg‘a qildi. Ular orasida Abdulla Qodiriy, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov va Xudoyberdi To‘xtaboyev kabi taniqli o‘zbek adiblarining asarlari mavjud.
Uchrashuvda, shuningdek, kutubxonaning o‘zbek tilidagi kitoblar fondini bosqichma-bosqich kengaytirish, O‘zbekiston kutubxonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, ko‘rgazmalar va “O‘zbekiston adabiyoti haftaligi”ni tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Seattle Central Library binosida dunyoning ko‘plab tillaridagi so‘z va iboralar aks ettirilgan qatorga o‘zbek tilidagi so‘z yoki iborani kiritish taklifi ilgari surildi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonning boy adabiy va madaniy merosini Sietl kitobxonlariga yanada yaqinlashtirish, shuningdek Toshkent va Sietl o‘rtasidagi tarixiy birodarlashgan shaharlar aloqalariga yangi madaniy mazmun bag‘ishlashga xizmat qiladi.








