O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida World Affairs Council of Seattle tashkiloti prezidenti va bosh ijrochi direktori Jacqueline Miller hamda jamoatchilik dasturlari va operatsiyalar bo‘yicha direktori Magda Davis bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Vashington shtati o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda keng ko‘lamli yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston va Vashington shtatidagi tashkilotlar, ekspertlar, ta’lim muassasalari va jamoalar o‘rtasidagi almashinuvlarni tashkil etish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar.
Shuningdek, qo‘shma davra suhbatlari, ekspertlik uchrashuvlari, ta’lim va jamoatchilik dasturlarini tashkil etish, ikki hudud mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
World Affairs Council of Seattle vakillarining Sietl jamoatchiligini O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakat taraqqiyotidagi yangi bosqich va tobora kengayib borayotgan imkoniyatlar haqida xabardor qilishga ko‘maklashishga tayyorligi yuqori baholandi.
Bosh konsulxona samimiy va mazmunli muloqot uchun Jacqueline Miller va Magda Davisga minnatdorlik bildirib, World Affairs Council of Seattle bilan mustahkam, uzoq muddatli va amaliy natijalarga yo‘naltirilgan sheriklikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.






