O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida Fulcrum Capital kompaniyasining investitsiyalar bo‘yicha direktori Hans Krippaehne bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida AQSh va global investitsiya bozorlaridagi o‘zgarishlar, xalqaro kapital oqimlariga ta’sir ko‘rsatayotgan yangi tendensiyalar hamda Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda shakllanayotgan investitsiyaviy imkoniyatlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda davom etayotgan iqtisodiy transformatsiya va mamlakatni jozibador investitsiya yo‘nalishlaridan biriga aylantirayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususiy sektorning jadal rivojlanishi, ishbilarmonlik muhitining izchil yaxshilanayotgani, investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar hamda mamlakatning strategik geografik joylashuvi uzoq muddatli o‘sish imkoniyatlarini izlayotgan investorlar uchun muhim ustunliklar ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish va yangi sheriklik loyihalarini shakllantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar o‘zaro fikr va tajriba almashish imkoniyatini yuqori baholab, O‘zbekiston va AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy hududi o‘rtasida yangi investitsiyaviy ko‘priklarni barpo etish maqsadida xalqaro investitsiya hamjamiyati bilan muloqotni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.





