O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi delegatsiyasi Bellevue shahri meri o‘rinbosari Dave Hamilton bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi aloqalarni savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ta’lim, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.
Bosh konsulxona Bellevue shahri rahbariyatiga samimiy qabul hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qat’iy intilishi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda Bellevue AQShning eng farovon, innovatsion va jadal rivojlanayotgan shaharlaridan biri ekani alohida qayd etildi. Shaharning ilg‘or texnologiyalar, tadbirkorlik va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish modeli keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirayotgan hamda aholisi uchun yangi imkoniyatlar yaratib borayotgan zamonaviy O‘zbekistonning taraqqiyot ruhi bilan hamohang ekani ta’kidlandi.
Tomonlar ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, ilg‘or tajriba almashish, istiqbolli tashabbus va qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar.
Bosh konsulxona O‘zbekiston va Bellevue shahri o‘rtasida ikki tomon manfaatlariga xizmat qiladigan mustahkam va uzoq muddatli hamkorlik ko‘priklarini barpo etishga tayyorligini bildirdi.






