O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari Sietl shahri Xalqaro aloqalar bo‘yicha direktori Stacey Jehlik bilan uchrashdilar.
Suhbat davomida Toshkent va Sietl o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki shaharning ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy va jamoatchilik diplomatiyasi yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasini tashkil etish jarayonida Sietl shahri Hukumatlararo aloqalar boshqarmasi tomonidan ko‘rsatilgan doimiy ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
Tashrif davomida Sietl shahar ma’muriyati idorasida 1973-yildan buyon alohida o‘rin egallab kelayotgan, O‘zbekistonda tayyorlangan qizil rangli vaza ham katta qiziqish bilan ko‘zdan kechirildi.
Mazkur vaza Toshkent va Sietl o‘rtasidagi yarim asrdan ziyod tarixga ega do‘stlik rishtalari, o‘zaro hurmat va madaniy yaqinlikning mazmunli ramzi sifatida e’tirof etildi.
Tomonlar muntazam muloqotni davom ettirish, yangi hamkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ikki shahar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.






