Joriy yilning 16-aprel kuni Sietl shahrida O‘zbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi vakillari MIR Corporation prezidenti Douglas Grimes va kompaniya vitse-prezidenti Annie Lucas bilan uchrashdilar.
MIR Corporation ko‘p yillardan buyon Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohatlarni tashkil etishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya amerikalik sayyohlarga mintaqaning boy tarixi, madaniy merosi va betakror sayyohlik yo‘nalishlarini yaqindan kashf etish imkonini yaratib kelmoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning ulkan turizm salohiyatini AQSh bozorida yanada keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Xususan, mamlakatimizning qadimiy Buyuk Ipak yo‘li shaharlari, noyob me’moriy obidalari, boy madaniy merosi va rang-barang milliy an’analari xalqaro sayyohlar uchun alohida jozibadorlikka ega ekani ta’kidlandi.
Muhtasham me’moriy yodgorliklari va moviy gumbazlari bilan mashhur Samarqand, betakror tarixiy muhitga ega Buxoro va Xiva kabi shaharlar O‘zbekistonni tarix, asl madaniyat va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unlashgan noyob sayyohlik maskani sifatida namoyon etishi qayd etildi.
Tomonlar O‘zbekistonning bebaho tarixiy va madaniy merosini AQShdagi sayyohlarga yanada yaqinlashtirish, yangi sayyohlik dasturlarini ishlab chiqish hamda mamlakatimiz haqida axborot-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, nafaqat O‘zbekistonni, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasini global ahamiyatga ega istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Boy madaniyati, samimiy mehmondo‘stligi va xavfsiz sayohat muhiti bilan Markaziy Osiyo dunyoning hali yetarlicha kashf etilmagan, biroq ulkan salohiyatga ega sayyohlik hududlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning turizm imkoniyatlarini AQSh bozorida kengroq namoyish etish hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.







